Navoi.uz

вилоят ҳокими
қабулига
ёзилиш

БАТАФСИЛ

Шаҳар ва туман
ҳокимларига
мурожаат

БАТАФСИЛ

Интерактив
давлат
хизматлари

БАТАФСИЛ

Davlatimiz rahbari 2022 yil 25 noyabrda Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni namunaviy hududga aylantirish bo‘yicha bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surib, hokim va barcha sektor rahbarlariga ushbu tashabbuslarni amalga oshirish orqali bir yil davomida viloyatni ishsizlik va kambag‘allik to‘liq bartaraf etilgan hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida hududdagi band bo‘lmagan fuqarolarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha yangi elektron platforma yaratilib, joriy yil fevral oyining ilk kunlaridan boshlab ishga tushirildi.

Platforma shaxs haqida kiritilgan ma’lumotlarga asosan, o‘z-o‘zidan band bo‘lmagan aholining sonini hamda ayollar, erkaklar va yoshlar bo‘yicha ajratib beradi.

Yangi tizimga ishsizlarning ruyxatini hududlardagi hokim yordamchilari kiritadi va fuqaro ishga joylashtirilganda, platformaga bu haqdagi ishga qabul qiluvchining buyrug‘ini biriktiradi. Bu jarayonni o‘sha hudud bo‘yicha sektor rahbari tahlil qilib, haqqoniy ish bilan band etilgan bo‘lsa, tasdiqlash tugmasini bosadi.

Shuningdek, platformada aholini qaysi soha va yo‘nalish bo‘yicha band etilgani haqida 10 ga yaqin, jumladan, toifalarga ko‘ra “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ruyxatida turuvchi aholi haqida to‘liq ma’lumotlar kiritilgan bo‘lib, bu, albatta, hokim yordamchilari va sektor rahbarlari uchun eng avvalo ularni ishga joylashtirish ustuvor ekanini anglatadi.

Yangi tizimda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar haqida ham ma’lumotlar shakllantirilgan bo‘lib, ularning faoliyati soliq idoralari bergan hisobotlar bilan solishtirilib boriladi va tahlili yuritiladi.

Ushbu tizimning afzalligi shundan iboratki, viloyatda band bo‘lmagan aholining sonini kamaytirish maqsadida har bir ishsiz fuqaro bilan individual ishlanadi.

- Ayni paytda ushbu platformaning birinchi bosqichi ishlari yakunlandi va tizimdan hozirgi kunda viloyat hududlaridagi sektor rahbarlari va mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari foydalanmoqda, - deydi viloyat “Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish” DUK rahbari Xurshid Farmonov. – Ya’ni, bu bosqichda hokim yordamchilari o‘z hududlaridagi band bo‘lmagan fuqarolarni xatlovdan o‘tkazib, ularni tegishliligi bo‘yicha platformaga kiritadi. O‘sha hudud sektori rahbari bilan har bir fuqaroning ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlaydi hamda ishga qabul qilingan shaxslarini asoslantirilgan hujjatlar bilan tizimga biriktiradi.

Yangi platformaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi ushbu tizimning barcha uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi. Ya’ni, istalgan fuqaro, agar u Navoiy viloyati hududida istiqomat qilayotgan va ishsiz bo‘lsa, platformada belgilangan joyga o‘z ismi-sharifini hamda pasport seriyasi va raqamini kiritib, ish izlashi mumkin bo‘ladi. Agar u hokim yordamchilari tomonidan platformaga kiritilgan bo‘lsa, o‘zi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashi mumkin bo‘ladi hamda unga mutaxassisligi bo‘yicha ish taklif qilinadi. Mabodo u ishsiz bo‘lsayu, ushbu tizim orqari ruyxatga olinmagan bo‘lsa, qo‘shimcha savollar (ya’ni, pasport ma’lumotlari, mutaxassisligi, yoshi va h.k.)ga javob berish orqali fuqaroning o‘zi platformaga ma’lumotlarni kiritib, ish izlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda faqaroning qaysi shahar yoki tumanda istiqomat qilishi, jinsi, yoshi va mutaxassisligidan kelib chiqib, tizimning o‘zi unga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qiladi.

Ta’kidlash joizki, viloyat rahbarining tashabbusi bilan yaratilgan ushbu platforma avvalo hududdagi band bo‘lmagan fuqarolar uchun yaqin ko‘makchi bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin. Qolaversa, bu tizim viloyatdagi ishsiz fuqarolar sonining ortayotgani yoki kamayayotganini, shuningdek, band bo‘lmagan aholi bilan ishlayotgan hudud sektori rahbari va mahalladagi hokim yordamchisining faoliyatini monitoring qilib borish imkonini ham beradi.

Кўрилганлар сони: 1039